Главная » Yangiliklar » «QIZIMNING JAG`IDA O`SMA BOR...»
«QIZIMNING JAG`IDA O`SMA BOR...»

«QIZIMNING JAG`IDA O`SMA BOR...»

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: «QIZIMNING JAG`IDA O`SMA BOR...»
  • Дата релиза: 30-09-17, 15:06
«QIZIMNING JAG`IDA O`SMA BOR...»
«Bir necha yil ilgari qizimning jag`ida o`simta paydo bo`ldi. O`sma kattalashib, lab-lunji osilib qolgach, shifokorlar jarrohlik amaliyotini o`tkazishdi. Ammo shundan keyin ham farzandim to`liq sog`aymadi. Har safar «Shu oxirgi operasiya» deymiz-u, biroq hech qancha vaqt o`tmay ,o`sma o`rnida yana yangisi chiqadi. Bolam bechora to`rt marta operasiya bo`ldi. Hozir o`smir yoshida, ayni o`ynab-kulib yuradigan payti xastaligi sabab xech kimga qo`shilolmaydi. Uni o`ylaganim sari kelajagidan tashvishga tushaman»

Komila, Toshkent viloyati

Ma`lumotlarga qaraganda, bolalar yuz-jag` sohasidagi xavfsiz o`smalar onkologik xastaliklar orasida nisbatan kam uchraydi. Ammo bu umuman yo`q degani emas. Birgina «o`sma» so`zining o`zi qo`rquvga solishi tayin. Tabiiyki, muolaja qatorida, «Sababi nima?», «Oldini olish mumkinmi?» kabi savollar paydo bo`ladi. Xo`sh, chindan ham muammoning asl negizi qaerda? Umuman, bolalar salomatligiga doir onkologik kasallik muolajalari respublikamizda qay tariqa amalga oshirilmoqda? Mavzu yuzasidan batafsil ma`lumot olish uchun mutaxassislarga yuzlanamiz.

Mutaxassis – bolalar onko-xirurgi Farhod HAYITOV.

QAERDA VA QANDAY?

Bolalardagi onkologik xastaliklar orasida asosan yuz sohasining yumshoq to`qimalari, suyak va so`lak bezlarida rivojlanuvchi o`smalar qayd etiladi. Xastalikni keltirib chiqaruvchi omillar bir qancha bo`lib, o`sma turiga ko`ra turli holatlarga ajratiladi. Masalan, yumshoq to`qimada rivojlanadigan o`smalar onaning homiladorlik vaqti yuqori nafas yo`llari yallig`lanishi yoxud og`ir asoratlarga olib keluvchi kasalliklar bilan og`rigani hisobiga kelib chiqishi mumkin. Farzand kutayotgan ayollarga shamollamaslik, organizmga nojo`ya ta`sir etuvchi tashqi ta`sirlardan himoyalanish aynan mana shunday holatlarning oldini olish maqsadida aytilishini endi tushungandirsiz.

Yuz sohasida uchraydigan o`smalarning yana bir turi – suyak to`qimasida rivojlanuvchisi esa jarohatlar asoratidan paydo bo`ladi. Bunda yuz-jag` sohasiga etkazilgan jarohat ushbu a`zolarda jiddiy o`zgarishlarni keltirib chiqaradi.

Yuqorida so`lak bezlarida rivojlanuvchi o`smalarni ham tilga oldik. Xastalikning bu turini yuzaga keltiruvchi alohida omilni aytish qiyinroq. Asosan og`iz bo`shlig`i so`lak bezlaridagi surunkali yallig`lanishlar hamda so`lak bezlarining tosh kasalliklarida o`sma kelib chiqishi kuzatiladi.

XASTALIK BELGISI NIMA?

Aksariyat kasalliklarning «tashrif qog`ozi» bezovtalik boshlangan sohadagi og`riq hisoblanadi. Xo`sh, og`iz bo`shlig`idagi o`smalar rivojlanishida-chi, qanday belgilarga diqqat qilishimiz darkor? Buning uchun dastlab, o`sma turini farqlab olish zarur. Agar u tug`ma bo`lsa, bola dunyoga kelgach, bir necha kun yoki oy davomida aniqlanadi. Zero homiladagi tug`ma rivojlanish nuqsonlarining ko`p foizi homiladorlik payti ma`lum bo`ladi.

Orttirilgan ko`rinishida esa ota-onalardan ziyraklik talab qilinadi. Chunki bu holatda turli xil o`sma oldi yallig`lanishlarini oddiy bezovtalikdek qabul qilishingiz mumkin. Qolaversa, farzandingiz ham organizmidagi o`zgarishlarni anglolmay, tushuntirishga qiynaladi. Milk, til osti, og`iz bo`shlig`ining yumshoq to`qimalarida surunkali tus olgan yallig`lanish, og`riqli yoki og`risiz kechuvchi shishlar, yara toshmalari bora-bora o`sha sohada o`sma rivojlanishiga moyillikni keltirib chiqaradi.

TEKShIRUV, TAHLIL VA TAShXIS!

Bolaning yuz qismidagi o`zgarishlar o`sma kasalliklariga ishora berayotgani tahmin qilinsa, dastlab bemorning umumiy ahvoli ko`zdan kechiriladi. Faraz qilinayotgan o`sma turiga aniqlik kiritish maqsadida ultratovushli, rentgenologik va kompyuter rezononas tomografiya tekshiruvlari o`tkaziladi. Shundan keyin o`smadan kichik namuna olinib, morfologik tahlil bajariladi. Mazkur tekshiruvlar o`sma rivojlanishini keltirib chiqargan omilni aniqlash va o`sma xarakteriga tashxis qo`yishda yordam beradi. Zero, xastalikni paydo qilgan omil to`liq fosh qilinsagina, muolaja samara berishi mumkin.

DAVOSI FAQAT OPERASIYa?

Onkologik xastalik deganda, faqat jarrohlik amaliyotini tushunish noto`g`ri. O`sma namunasi ekmasidan olingan gistologik tekshiruvga asosan, jarrohlik aralashuvi, qo`shma davolash usuli – ya`ni jarrohlik+nur terapiyasi, jarrohlik+fiziomuolaja yoki kompleksli davo choralari qo`llanilganida har uchchalasi birga amalga oshirilishi mumikin. Dori vositalari yordamidagi muolaja ham shifokor tomonidan tanlanadi. Odatda, xavfsiz o`sma kasalliklarida jarrohlik amaliyoti o`tkaziladi.

Bugunga kelib, Respublika onkologiya ilmiy markazida o`sma kasalliklarini davolashning turli usullari tadbiq etilmoqda. Bolalardagi jarrohlik amaliyotlari o`smaning qaysi a`zoda kelib chiqqaniga ko`ra o`tkaziladi. Aytaylik, xavfsiz o`sma og`iz yumshoq to`qimasida aniqlandi. Operasiya to`qimadagi o`smani olib tashlashga qaratiladi. Suyakda rivojlanuvchi o`smada esa suyak rezeksiyasi bajarilib, bir vaqtning o`zida plastik jarrohlik ham amalga oshiriladi.

YaNA O`SIB ChIQMAYDIMI?

Tahririyatga murojaat qilgan mushtariy farzandining to`rt marotaba operasiya bo`lganini aytgan. Mutaxassislar esa Respublika onkologiya markazida bir turdagi o`smaning to`rt marta jarrohlik aralashuviga yo`naltirilishi qayd etilmaganini ta`kidlashmoqda. Bundan chiqdi, muolaja poytaxtda o`tkazilmagan. Shifokorlar masalaga oydinlik kiritish uchun qayta tibbiy ko`rikdan o`tishni va Respublika onkologiya markaziga murojaat etishni tavsiya qilishadi. To`g`ri, tibbiyotda qaytalanuvchi xavfsiz o`sma turlari borligini inkor etolmaymiz. Jumladan, limfangioma qaytalanuvchi o`sma turi hisoblanadi. Ammo vaqtida va etarlicha davolanilsa, takrorlanishning oldini olishga erishish mumkin.

«BUGUNDAN NAZORATDASIZ!»

Har qanday turdagi xavfsiz o`smalar shifokor nazoratini talab etadi. Muolaja yakunlanganidan keyin ham bemor 3-5 yil davomida mutaxassis ko`rigidan o`tib turishi lozim. Buyurilgan barcha tavsiyalarga amal qilishi, sog`lom turmush tarzi, boyitilgan taomnoma va eng muhim og`ir asoratlarga olib keluvchi har qanday holat, hatto oddiy shamollashga ham yo`l qo`yib bo`lmaydi.

Yuz sohasida operasiya o`tkazilgan bolalarga jismoniy mashqlar va og`ir mehnat turlari man etiladi. Farzandingizning organizmi zo`riqmasligi lozim. Chiniqishi-chi dersiz, buning uchun engil, mushak va suyaklarga bosim bermaydigan mashqlarga murojaat etish mumkin. Qolaversa, kun tartibini to`g`ri tashkillashtirish, toza havoda sayr ham sog`liqqa foydali.

IMTIYoZ BORMI?

Respublika onkologiya ilmiy markazida bemorlarga xizmat ko`rsatishning barcha turi bepul. «Operasiya qanchaga tushadi?» kabi savollar ushbu markaz uchun o`rinsiz, deydi mutaxassislar. Agar bemorning doimiy yashash manzili viloyat hududlarida bo`lsa, davolanish uchun kelayotganida xastalik to`g`risida to`liq ma`lumot, qanday muolajalar o`tkazilgani, foydalanilgan preparatlar, tahlil xulosalarining barcha shakli va shifokor yo`llanmasi bo`lishi lozim.

YoDDA TUTING!

O`sma kasalligining xavfli yoki xavfsiz turi bo`lishidan qat`i nazar, bilib-bilmay turli usullarni qo`llamang. Ayniqsa, fizioterapevtik muolajalar, mutaxassis ko`rigisiz mutlaqo man etiladi. Chunki fiziomuolajalar o`sma rivojlanishini faollashtirishi mumkin.

Samira ULUG`BEKOVA tayyorladi.
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: