Главная » Yangiliklar » Sevara Nazarxon: Tabiatan hazilkashmasman, hatto Shukurullo Isroilovga konsert dasturi uchun hajviy chiqish yozib berganman
Sevara Nazarxon: Tabiatan hazilkashmasman, hatto Shukurullo Isroilovga konsert dasturi uchun hajviy chiqish yozib berganman

Sevara Nazarxon: Tabiatan hazilkashmasman, hatto Shukurullo Isroilovga konsert dasturi uchun hajviy chiqish yozib berganman

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: Sevara Nazarxon: Tabiatan hazilkashmasman, hatto Shukurullo Isroilovga konsert dasturi uchun hajviy chiqish yozib berganman
  • Дата релиза: 31-03-18, 14:47
Sevara Nazarxon: Tabiatan hazilkashmasman, hatto Shukurullo Isroilovga konsert dasturi uchun hajviy chiqish yozib berganman
Bu ijodkorning qo`shiqlari rang-barang, san`at va hayot haqidagi qarashlari ham naqshinkor. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Sevara NAZARXON ayni paytda qizg`in ijod og`ushida bo`lsa-da, ko`p sonli muxlislari iltimosiga binoan xonanda bilan bog`landik.

— Sevara opa, agar rassom bo`lganingizda, hayotni qaysi ranglarda aks ettirardingiz?

— Afsuski, men rassom emasman. Surat chizish qobiliyati egasi bo`lganimda, albatta, yorqin ranglardan foydalanardim. O`zbekistonlik iste`dodli rassom Bobur Ismoilov kabi. Bu rassom suratlarida udumlar va kelajakka parvoz uyg`unligini ko`rasiz.

— O`zbekistonga kelishingiz bilan odatda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaringizga nonlarimiz, ko`k somsa, sarxil mevalarimiz suratlarini joylaysiz. O`zimizning ne`matlarni qattiq sog`inasiz chog`i. O`zingiz qaysi milliy taomlarimizni alohida mehr va mahorat bilan tayyorlaysiz?

— Men o`zimni pazanda deb bilmayman. Bu mavzuda so`z ochilganida, keling, mening qanday pazanda ekanligimni bir chetga suraylik-da, o`zimizning taomlar haqida suhbatlashaylik. Nazarimda, dunyodagi eng shirin taomlar bizda tayyorlanadi! Yurtdan olisdaligimda doim ko`nglim milliy taomlarimizni tusaydi. Bugungi kunda ko`plab davlatlarda o`zbek taomlari tayyorlanadigan restoranlar bor. Masalan, Rossiyaning o`zida minglab desam, adashmayman. Hatto, Londonda ham. Bu shaharda yaqinda ochilgan «Samarqand» restoraniga bemalol xorijlik do`stlarimni taklif qilishim mumkin. Chunki taomlarini ta`riflashga til ojiz, qolaversa, u erda yurtimiz madaniyatining bir parchasini ko`rasiz. Bu kabi restoranlar elchixonamizdek go`yo.

Ha aytgancha, Toshkentga har borganimda do`stim Tohir Sodiqov o`z qo`llari bilan moshkichiri tayyorlab, mehmonga chaqirishni kanda qilmaydi.

— Bolaligingiz ta`mini nimalarda his qilasiz?

— Plombir muzqaymoqlari, «Love is…» saqichlari, qaynatilgan makkajo`xori, paxtaqand, xurmo — mana, mening bolaligim mazasi!

— Rahmatli otangiz bilan bog`liq yorqin xotiralaringizdan birini gapirib bera olasizmi?

— Ular bilan bog`liq xotiralarim juda ko`p, hozir qay birini tanlab aytishni bilmay qoldim, to`g`risi. Qo`shiqlari, kuylashlari, chin ko`ngildan mehr berib taom tayyorlashlari... Ortga nazar solib shunga amin bo`layapmanki, dadam eng yaxshi ota bo`lgan ekanlar.

— Sizning ijrongizdagi «Ko`rgim kelar» taronasi «Osmondagi bolalar» filmi bilan bizga yod bo`lgan. «Otajonimsiz» qo`shig`ingiz esa «Suv yoqalab» kartinasini juda chiroyli va mazmunli yakunlab bergan. O`zbek filmlarini tomosha qilasizmi?

— Bilasizmi, meni nima xursand qiladi, kinoijodkorlarimizning hech qachon qo`l qovushtirib o`tirishmagani. Boshqa davlat kino olami vakillari qayta qurish davrida hech kim bizga haq to`lamayapti, deya nolishganda ham, ijodkorlarimiz tekinga bo`lsa-da ishlashdi, harakatdan to`xtashmadi. Xo`jakent, Chimkent, O`sh, Bishkek, Almata kabi shaharlarda filmlarimiz yozilgan «DVD» disklar keng tarqalganining guvohi bo`lganman. Men filmlarimizni yaxshi-yomon, deb muhokama qilolmayman. Xuddi taomlarimiz kabi ular bizning alohida e`tirof etiladigan boyligimiz, madaniyatimizni targ`ib qiluvchi bir vosita sanaladi. Quvonchu tashvishlarimiz haqida o`z tilimizda so`zlaydi.

— Siz haqingizda film suratga olinsa, u qaysi janrda bo`lardi?

— Albatta, komediya janrida.

— Marhum so`z ustasi Hojiboy Tojiboevning muxlisi bo`lgansiz. Yumor hissi o`zingizda qanchalik kuchli?

— Men hamon Hojiboy akaning dasturlaridan parchalarni tomosha qilaman. Bu inson sahnada qanchalik komik bo`lsalar, hayotda shunchalik jiddiy edilar. Ijodimning ilk yillari men bilan xuddi katta odamlardek suhbatlashgandi. Hazillari ko`nglimga juda yaqin. O`zim tabiatan hazilkashmasman. Ammo bir paytlari qiziqchi Shukurullo Isroilovga konsert dasturi uchun hajviy chiqish yozib berganman. U to`ylarda bu dastur bilan chiqishlar qilgan. Biroq menga bir so`m ham bermagan, ettita somsa bilan aldab qo`ya qolgan.

— Sevara Nazarxonni biz kuchli, intiluvchan, o`zini turli yo`nalishlarda sinab ko`rishdan cho`chimaydigan ijodkor sifatida bilamiz. Yig`lab ham turasizmi?

— Yig`lab ko`nglimni bo`shatishim uchun alohida xonam bor. U erda o`zbek filmlarini tomosha qilib ham engil tortaman.

— Har bir insonning o`ziga xos olami bo`ladi. Sevara Nazarxonning olami...

— Men o`zimni, hayotimni ma`lum bir qoliplarga solishni istamayman. Butun olamdan zavqlanib yashashni xohlayman. Xuddi gilamdagi naqshlar kabi hayotim rang-barang bo`lsa, har kuni yangi bir naqshni kashf qilsam... Menimcha, izlanish va yangi sahifa ochish inson tabiatiga xos.

— O`zimizning san`atkorlardan kimlarni kuzatasiz? Kim bilan duet kuylashni istaysiz?

— Bolaligimdan O`zbekiston xalq artisti Sherali Jo`raevning muxlisiman. Ustoz hofiz bilan duet kuylaymanmi-yo`qmi bilmadim, ammo men uning muxlisi bo`lib qolaveraman. Boshqa xonandalarga baho berishim qiyin, ularning qay biri bilan duet kuylashimni oldindan aytolmayman.

Tohir Sodiqov, Ruslan Sharipov, Dj Piligrimning san`atini hurmat qilaman. Yoshlardan Shahriyorning ijodini kuzatib boraman. Fikrimcha, u o`z ustida yanada ko`proq ishlasa, yaxshi bo`lardi.

— Tanqidlarga qanaqa munosabat bildirasiz?

— Ijodimni boshlagan kezlarim juda ko`p tanqidlar bo`lgan. Avvaliga ularni haddan ortiq jiddiy qabul qilganman. Ammo keyin angladimki, hadeb tanqidlarga quloq solsangiz, o`z haqiqatingiz, yo`nalishingizni yo`qotib qo`yarkansiz. Shuning uchun hozir tanqidiy fikrlarning hammasini ham inobatga olavermayman. Inson har doim o`zi to`g`ri deb bilgan yo`ldan borsa, sevgan ishi bilan mashg`ul bo`lsa, maqsadga erisha oladi.

— Ayol kishiga xos bo`lishi kerak bo`lgan uch asosiy xislat, sizningcha?

— Inson, ayolmi yo erkak kishimi, halol, mas`uliyatli va kamtar bo`lishi kerak, deb hisoblayman. Har doim o`z ustimizda ishlashimiz, mudom izlanishimiz shart. O`rganishdan charchamasak, ishimizning ustasi bo`la olamiz. Yaxshi ota-ona va vaqti kelganida yaxshi bobo-buvi bo`lishga harakat qilish ham muhim.

— «Toch v toch» kabi loyihalarda ishtirokingiz bilan siz nafaqat betakror ovoz sohibasi ekanligingizni, keng qirrali iste`dodingizni ham namoyon qildingiz. Biz — muxlislaringizga noma`lum bo`lgan yana qanday yashirin qobiliyatlaringiz bor?

— To`qishni bilaman, rangli iplardan bilaguzuk kabi taqinchoqlar yasay olaman (makrame). Otda sayr qilishni yoqtiraman. Oz-moz bo`lsa-da, dutor chalishni uddalayman.

— Qo`shiqlaringiz muvaffaqiyatini so`zlarining ohangdorligi va mazmunondorligi ham ta`minlagan. She`rlarni qanday tanlaysiz?

— Men muallifiga qarab she`r tanlamayman. Hammanikini birdek qabul qilaman. Masalan, «Tushim» taronasining she`rini metroda bir notanish yigit qo`limga tutqazgandi. Qog`ozga Kamron deya imzo chekilgan edi. Hamon she`rlarni qanday tanlashimni bilmayman. Shunchaki, birinchi o`qiganimdayoq menga yoqsa, o`sha zahotiyoq ohangi yaraladi. Agar yoqmasa, qancha o`ylamay — baribir hech nima chiqara olmayman.

— Mutolaa davomida biror asar qahramonini sevib qolganmisiz? Qaysi badiiy qahramonga o`xshashni istagansiz?

— Ko`plab badiiy asarlarga mehrim tushgan, ularning qahramonlarini g`oyibona yaxshi ko`rib qolgan paytlarim ham bo`lgan. Biror badiiy qahramonga o`xshash fikriga borish davridan esa o`tganman. Men hamisha o`zim bo`lib qolishni istayman.

— Bolalaringiz bilan qanday vaqt o`tkazasiz? Farzand tarbiyasi borasida o`zingizga xos uslubingiz bormi?

— Hamma ota-onalar singari bolalarim bilan vaqtni mazmunli o`tkazishga harakat qilaman, birga o`ynaymiz, kitob o`qiymiz, kinoteatr, muzeylarga boramiz. Tarbiyada esa alohida qoidalarim bor, deya ayta olmayman. Muhimi, ishlarimiz ko`pligi ularga vaqtida e`tibor qaratmasligimizga bahona bo`lmasligi kerak.

— Farzandlaringizning sizga o`xshash jihatlari haqida gapirib bering.

— Albatta, ular menga o`xshaydi. Olmaning tagiga olma tushadi, deyishadi-ku. O`g`lim truba (karnaysimon musiqa asbobi) chalishni biladi. Qizalog`im hali kichkina, unda hozircha faqat tashqi ko`rinishdagi o`xshashliklar ko`zga tashlanadi.

— Sevara opa, «Netay» nomli taronangizda shunday so`zlar bor: «Hamon faxrdaman bu hayot ichra, Seni hayotdan ham ko`proq sevoldim...» Shu satrlarni o`z hayotingiz misolida izohlab bera olasizmi?

— Menga qo`yib bersangiz, buyuk muhabbat haqida kitob yozardim. Biroq ayni paytda qo`limdan faqat kuylash keladi. Muxlislarim hozircha shunga rozi bo`lib turishsin.

Shoira ShAGIAHMEDOVA suhbatlashdi.
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: