Главная » Yangiliklar » ​ShAVKAT MIRZIYoEV KUZ-QISh MAVSUMIGA TAYYoRGARLIK IShLARIGA BAG`IShLANGAN YIG`ILISh O`TKAZDI
​ShAVKAT MIRZIYoEV KUZ-QISh MAVSUMIGA TAYYoRGARLIK IShLARIGA BAG`IShLANGAN YIG`ILISh O`TKAZDI

​ShAVKAT MIRZIYoEV KUZ-QISh MAVSUMIGA TAYYoRGARLIK IShLARIGA BAG`IShLANGAN YIG`ILISh O`TKAZDI

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: ​ShAVKAT MIRZIYoEV KUZ-QISh MAVSUMIGA TAYYoRGARLIK IShLARIGA BAG`IShLANGAN YIG`ILISh O`TKAZDI
  • Дата релиза: 03-10-17, 21:31
​ShAVKAT MIRZIYoEV KUZ-QISh MAVSUMIGA TAYYoRGARLIK IShLARIGA BAG`IShLANGAN YIG`ILISh O`TKAZDI
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2 oktyabr kuni aholiga sifatli kommunal xizmat ko`rsatish, ko`p qavatli uy-joylar, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob`ektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlarining holati tahliliga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi.

Unda O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosarlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi, deb yozadi O`zA.

Yig`ilishda aholiga uy-joy kommunal xizmatlari ko`rsatishni tubdan yaxshilash, uy-joy fondi va ijtimoiy ob`ektlardan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining ish sifatini yuksaltirish va moliyaviy-iqtisodiy barqarorligini ta`minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning borishi ko`rib chiqildi.

Prezidentimiz odamlarning kundalik hayoti, farovonligi, salomatligi va kayfiyatiga bevosita daxldor bu masalalarga doimiy e`tibor qaratib kelmoqda. Shu maqsadda davlatimiz rahbarining 2017 yil 18 apreldagi “Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoniga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi tuzildi. O`tgan davrda vazirlik tomonidan ko`p xonadonli uy-joy fondini saqlash va ta`mirlash, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini muvofiqlashtirish, muhandislik-kommunikasiya tarmoqlarini ekspluatasiya qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbarining topshirig`iga muvofiq mutasaddi vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ikkita maxsus ishchi guruh tuzildi. 1-ishchi guruh tomonidan Andijon, Farg`ona, Namangan, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida, 2-ishchi guruh tomonidan Qoraqalpog`iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlaridagi holat o`rganildi. 18 iyuldan 30 sentyabrgacha davom etgan o`rganishlarda sohadagi muammolarni bartaraf etish bo`yicha belgilangan chora-tadbirlarning har bir shahar va tumanda bajarilishi tahlil qilindi. Asosiy e`tibor ko`p qavatli uy-joy fondi, ijtimoiy soha ob`ektlari, ichimlik suvi, elektr energiyasi, issiqlik, tabiiy va suyultirilgan gaz ta`minoti, ko`mir etkazib berish, sanitar tozalash kabi masalalarga qaratildi. Joylarda aholi, mahalla faollari, ta`lim va sog`liqni saqlash muassasalari vakillari bilan uchrashuvlar o`tkazilib, ularning talab va takliflari inobatga olindi.

Yig`ilishda ishchi guruhlar rahbarlarining hisoboti eshitildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 22 iyundagi "Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2017/2018 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida"gi qarorining ijrosi bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda tizimli ishlar amalga oshirilgan. Markaziy qozonxonalar, isitish qozonlari, issiqlik, suv, gaz, elektr tarmoqlari ta`mirlangan.

Ko`p qavatli uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga tayyorlash maqsadida ishlab chiqilgan dastur asosida uylarning tom qismlari ta`mirlangan, yo`laklar va erto`lalar tartibga keltirilgan. Bolalar maydonchalari qurilgan. Maishiy chiqindilar maxsus joylarga tashib ketilgan.

Ta`lim muassasalari, bolalar uylari, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy ob`ektlarda ta`mirlash ishlari amalga oshirilgan.

Olis va tabiiy gaz etib bormagan aholi punktlariga zarur miqdorda maishiy gaz ballonlari etkazib berilgan.

Yig`ilishda aholi va ijtimoiy soha muassasalarini elektr va issiqlik energiyasi, ichimlik suvi, tabiiy va suyultirilgan gaz, ko`mir, yoqilg`i-moylash mahsulotlari bilan ta`minlash, ko`p qavatli uy-joy fondini saqlash, oqova xizmatlari ko`rsatish borasidagi ishlar tanqidiy tahlil qilindi. Bu jabhalardagi ishlarni izchil davom ettirish, barcha uy-joylar, maktab, shifoxona va boshqa ijtimoiy ob`ektlarning kuz-qish mavsumida issiq bo`lishini ta`minlash yuzasidan muhim vazifalar belgilanib, ishchi guruhlarga zarur ko`rsatmalar berildi.

Prezidentimiz kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik dasturlari ijrosini tanqidiy qayta ko`rib chiqish, rejalashtirilgan chora-tadbirlarni manzilli va maqsadli amalga oshirish, mablag`lardan samarali foydalanish, energiya tejamkor texnologiyalarni qo`llashni kengaytirish zarurligini ta`kidladi. Bu boradagi ishlarni viloyatlar va sohalar kesimida emas, mahallama-mahalla, uyma-uy amalga oshirish kerakligi qayd etildi.

Yig`ilishda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlariga uy-joylar va ijtimoiy-iqtisodiy ob`ektlarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlarini yakunlash, aholini elektr, issiqlik, gaz, suv va boshqa hayotiy zarur vositalar bilan uzluksiz ta`minlash, odamlarning farovonligi va roziligini oshirish bo`yicha ko`rsatma va topshiriqlar berdi.
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: