Главная » Yangiliklar » Shavkat Mirziyoev “O'zbekiston havo y'`llari” Milliy aviakompaniyasi jamoasiga tabrik yo'lladi
Shavkat Mirziyoev “O'zbekiston havo y'`llari” Milliy aviakompaniyasi jamoasiga tabrik yo'lladi

Shavkat Mirziyoev “O'zbekiston havo y'`llari” Milliy aviakompaniyasi jamoasiga tabrik yo'lladi

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: Shavkat Mirziyoev “O'zbekiston havo y'`llari” Milliy aviakompaniyasi jamoasiga tabrik yo'lladi
  • Дата релиза: 30-01-17, 15:58
Shavkat Mirziyoev “O'zbekiston havo y'`llari” Milliy aviakompaniyasi jamoasiga tabrik yo'lladi
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “O`zbekiston havo yo`llari” Milliy aviakompaniyasi tashkil etilganining 25 yilligi munosabati bilan aviakompaniya xodimlariga tabrik yo`lladi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Qadrli do`stlar!

Sizlarni qutlug` sana – “O`zbekiston havo yo`llari” Milliy aviakompaniyasi tashkil etilganining 25 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Mamlakatimiz fuqaro aviasiyasi bizning mustaqil davlatimiz bilan birgalikda izchil shakllandi va rivojlandi. O`tgan chorak asr davomida puxta o`ylangan, uzoq muddatga mo`ljallangan strategiya asosida mazkur tarmoqni taraqqiy ettirish bo`yicha ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.

Bugungi kunda Milliy aviakompaniyamiz O`zbekistonni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish, ko`plab xorijiy davlatlar bilan samarali hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashda muhim omil bo`lib xizmat qilmoqda.

Kompaniya ko`p millatli jamoasining yuksak kasb mahorati nufuzli xalqaro aviasiya tashkilotlari tomonidan bir necha bor e`tirof etildi. Aviasiya xavfsizligini ta`minlash, parvozlarni sifatli amalga oshirish, aviasiya faoliyatining barcha sohalarida, jumladan, aviasiya texnikasiga xizmat ko`rsatishda eng ilg`or texnologiyalarni keng qo`llash borasida yuksak natijalarga erishildi.

Hozirgi vaqtda zamonaviy havo kemalari, xususan, Boing-787 (Dreamliner) samolyotlari bilan ta`minlangan Milliy aviakompaniya xalqaro aviatashuvlar tizimida munosib o`rin egallaydi. “O`zbekiston” yozuvi tushirilgan avialaynerlar jadal rivojlanib borayotgan mamlakatimizning yorqin ramzi sifatida dunyoning ko`pgina mintaqalari havo makonini zabt etib, yigirmadan ortiq davlatga parvozlarni amalga oshirmoqda. 2016 yilda aviakompaniyamiz samolyotlari tomonidan 2 million 500 ming yo`lovchi va 43 ming tonna yuk tegishli manzillarga etkazildi.

“O`zbekiston havo yo`llari” Milliy aviakompaniyasi har yili 90 mingdan ziyod tranzit parvozlarni boshqarib, 300 dan ortiq xorijiy aviakompaniya samolyotlariga aeronavigasiya xizmati ko`rsatmoqda. Ularning aksariyati Markaziy Osiyo mintaqasida yagona bo`lgan, eng zamonaviy talablarga javob beradigan Aviasiya texnikasiga texnik xizmat ko`rsatish markazi xizmatlaridan foydalanmoqda. Boing-787 samolyotlari uchun Kompozisiya materiallaridan tayyorlangan mahsulotlarni ta`mirlash markazi kompaniya faoliyatida keng istiqbollar ochdi.

Mamlakatimizning jahon standartlari darajasida modernizasiya qilingan barcha o`n bitta aeroportiga “xalqaro aeroport” maqomi berildi. Mintaqamizdagi eng yirik va yuklarni manzilga etkazib berish bo`yicha yuqori texnologiyalarga asoslangan komplekslardan biri – Navoiy shahridagi Xalqaro intermodal logistika markazi Evroosiyoning asosiy logistika markazlari bilan havo qatnovlari orqali bog`langan. Yuklarni havo yo`llari orqali tashish tarmog`i yildan-yilga kengayib bormoqda.

Xalqimiz O`zbekiston havo floti xodimlari – uchuvchi va muhandislar, aviatexnik va bort kuzatuvchilari, erdan turib parvozlar xavfsizligini ta`minlaydigan barcha xizmatlar dispetcher va mutaxassislarining fidokorona va sidqidildan qilayotgan mehnatini yuksak qadrlaydi.

Ayni vaqtda barchamiz bir haqiqatni yaxshi tushunamiz, bugungi shiddat bilan o`zgarib borayotgan zamon bizning oldimizga yangi va yanada qat`iy talablar qo`ymoqda. Oldimizda hali qiladigan ishimiz ko`p, birinchi navbatda, aviakompaniyamiz raqobatdoshligini yanada oshirish – eng muhim vazifamizdir.

Ishonchim komil, sizlar o`tgan davrda qo`lga kiritilgan yutuqlarni tanqidiy yondashuv asosida baholab, o`zingizning bor bilim va tajribangiz, butun salohiyatingizni ishga solib, yanada yuksak mas`uliyat va fidoiylik bilan mehnat qilasiz.

Aziz do`stlar!

Sizlarni Milliy aviakompaniyamiz tashkil topganining 25 yilligi bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman. Sizlarga baxtu saodat, mustahkam sog`lik, olijanob faoliyatingizda yuksak parvozlar va yangi-yangi yutuqlar tilayman.

Shavkat Mirziyoev,

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti
Manba:Darakchi.uz
Логин:
Пароль: