Главная » 2018 » Июнь » 12 » Sobiq “Bunyodkor” stadioni buziladimi?
19:34
Sobiq “Bunyodkor” stadioni buziladimi?


Futbol bo`yicha jahon chempionati starti oldidan Rossiya poytaxti Moskva shahrida Osiyo futbol Konfederasiyasining umumiy yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda FIFA prezidenti Janni Infantino ham ishtirok etdi. Bu haqda O`zbekiston MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Bu yilgi mundialda qit`amiz sharafini beshta terma jamoa – Eron, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya va Avstraliya termalari himoya qilishadi. Yig`ilishda Infantino, qolaversa, Osiyo futbol Konfederasiyasi rahbari Shayx Salmon bin Ibrohim Al Halifa jahon chempionatida ishtirok etuvchi Osiyo terma jamoalari va hakamlarga omad tiladi.

“Osiyoda futbol jadallik bilan rivojlanib boryapti, - dedi, jumladan, FIFA rahbari. -Umid qilamanki, bu yilgi musobaqada Osiyo terma jamoalari ham o`zlarini har tomonlama ko`rsata olishadi. Qolaversa, ayni paytda Osiyoda hakamlik sohasi ham ancha rivojlangan. So`nggi yillarda ushbu qit`adan bir qator kuchli referilar etishib chiqdi. Jahon chempionatining final bosqichida eng ko`p o`yin o`tkazish bo`yicha rekordchi ham bugungi kunda aynan osiyolik hakam Ravshan Ermatov bo`lib turgani ham fikrimga isbot bo`la oladi”.

Eslatib o`tamiz, jahon chempionatida Osiyoning besh karra eng yaxshi hakami, hamyurtimiz Ravshan Ermatov boshchiligidagi brigada ham ishtirok etadi. Shuningdek, o`zbek futboli tarixida ilk marotaba Alim Arifov jahon chempionatida komissar vazifasini bajaradi.

Yig`ilishdan so`ng MOQ Prezidenti va O`FA birinchi vise-prezidenti Umid Ahmadjonov Janni Infantino bilan uchrashdi. MOQ rahbari mamlakatimizda sport sohasida olib borilayotgan islohotlar haqida FIFA rahbariga so`zlab berdi. O`z navbatida, jahondagi eng qudratli sport tashkilotlaridan birining rahbari Infantino ham o`zbek sportida ro`y berayotgan o`zgarishlarni yuqori baholadi va yaqin orada shaxsan o`zi Toshkentga tashrif buyurishini va o`zgarishlarni bevosita kuzatishini ta`kidlab o`tdi.

Rejaga ko`ra, shu yilning o`zida “Milliy” stadion (sobiq “Bunyodkor”) hududida O`zbekiston futbol assosiasiyasi uchun yangi bino qurilish ishlari boshlab yuboriladi. Binoga birinchi g`ishtni aynan FIFA prezidenti Janni Infantino qo`yib berishi kutilmoqda. Demak, shu yil yakuniga qadar FIFA rahbari Toshkentga tashrif buyuradi.

Ma`lumot uchun, jahon chempionati 14 iyun kuni Moskvadagi “Lujniki” stadionida boshlanadi. Rossiya hamda Saudiya Arabistoni terma jamoalari o`rtasida bo`lib o`tadigan ochilish uchrashuvini MOQ Prezidenti va O`FA birinchi-vise prezidenti Umid Ahmadjonov ham bevosita stadiondan kuzatib boradi.
Manba: Darakchi.uz
Категория: Yangiliklar | | Добавил: Админ | Теги: Sobiq “Bunyodkor” stadioni buziladi | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]