Главная » Yangiliklar » Soxta “g`amxo`rlik” qurbonlari yoxud ayollar nega terrorchilar safiga tushib qolishadi?
Soxta “g`amxo`rlik” qurbonlari yoxud ayollar nega terrorchilar safiga tushib qolishadi?

Soxta “g`amxo`rlik” qurbonlari yoxud ayollar nega terrorchilar safiga tushib qolishadi?

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: Soxta “g`amxo`rlik” qurbonlari yoxud ayollar nega terrorchilar safiga tushib qolishadi?
  • Дата релиза: 27-03-17, 12:19
Soxta “g`amxo`rlik” qurbonlari yoxud ayollar nega terrorchilar safiga tushib qolishadi?
Dunyoda o`z Vataniga xiyonat qilishdan og`irroq gunoh, mudhish jinoyat bo`lmasa kerak. Turli havoyi va`dalarga ilinib, makkor ekstremistik guruhlar tuzog`iga ilinayotgan orasida hamyurtlarimizning ham borligi, yanada achinarlisi, ularning aksariyati ayollar ekanini har birimizni hushyorlikka, ogohlikka da`vat etadi.

Olimlar qanday fikrda?

Xo`sh, ayol atalmish muqaddas xilqatning bunday razolatga qo`l urishiga nimalar sabab bo`layotir? Bu borada albatta turli olim va mutaxassislarning fkirlari turlicha. Belgiyalik sosiolog A.Ketle jinoyatga moyillik shaxsning yoshi, jinsi, uning rivojlanishi, ma`lumotining darajasi, xulqi, hayotdagi o`rni, oila muhiti doirasidagi vazifalari kabi omillar bilan bog`liq, degan fikrni ilgari suradi.

Italiyalik antropolog Chezare Lombrozo ayollar jinoyatchiligining erkaklardagidan farqi ular organizmining tuzilishi, o`ziga xos xususiyatlari va biologik jihatdan nisbatan kamroq rivojlangani bilan izohlaydi. Yana bir italyan olimi Enriko Ferrining ta`kidlashicha, ayollar o`z qilgan xatolari uchun erkaklarga nisbatan kamroq pushaymon bo`lisharkan.

Mashhur psixolog A.Adlerning “To`liqsizlik kompleksi” nazariyasiga ko`ra, har bir inson ma`lum bir nuqson bilan tug`iladi. U o`zidagi kamchilikni boshqa xususiyat bilan to`ldirishga harakat qiladi. Ya`ni, bunda do`stlari kam, tashqi ko`rinishi yoki nutqida qusuri bor ayollar o`zlaridagi bo`shliqni to`ldirishga harakat qilishlari oqibatida turli guruhlar tuzog`iga tushib qoladilar. Amerikalik psixolog Klara Beyler esa ko`p hollarda ayollar o`z jinsidan nafratlanib, ayol bo`lishdan voz kechish maqsadida ham jonini qurbon qilishga rozi bo`ladi, deb ta`kidlaydi.

Tubanlikning jirkanch qiyofasi

Ayollarning turli oqimlarga kirib qolishiga yana bir qator omillar sabab bo`lishi mumkin. Jumladan, bunday oqimlar e`tibori eng avvalo, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga qaratiladi. Ular ehtiyojmand, yolg`iz ayollar, tushkun kayfiyatga tushib qolgan qizlar oiladagi kelishmovchilik, ishsizlik, kam ta`minlanganlik, alamzadalik, tuzalmas kasalliklar oqibatida ana shunday yo`llarga kirib qoladilar.

Psixologik muvozanati izdan chiqqan ayollarga turli yordamlar ko`rsatish, dalda berish vositasida ishonchini qozongan terrorchi oqim yoki buzg`unchi sekta vakillari ularni o`z maqsadlari yo`lida qurbon qilishlari osonroq kechadi. Bunda ayollarning ruhi holati, jismoniy ojizligidan foydalanib, ularga jismoniy zug`um o`tkazilishi, kaltaklanishi, narkotik moddalarga qaram qilib qo`yilishi ham ehtimoldan yiroq emas.

Ushbu omillarni e`tiborga olgan ekstremistlar ayollarning o`zlarini o`ldirish darajasigacha olib borishlarida ularning ma`naviy-ruhiy olamiga xos xususiyatlardan ustalik bilan foydalanadilar.

“Men shahidlikka roziman!”

Ayollarning tabiiy xususiyatlaridan tashqari ularning aynan, bu kabi harakatlar qurboniga aylanishiga sabablar turlicha. Gohida diniy ekstremistik oqim safiga kirib qolgan xotin-qizlar guruhdagi a`zolarga nisbatan bo`lgan muhabbatni isbotlash va ular sevgisini qozonish maqsadida ham “shahid”likka rozi bo`ladilar.

Shuningdek, ularning na diniy va na dunyoviy ilmlarni etarli darajada o`zlashtirgani, din niqobi ostidagi ekstremistik harakatlar haqida to`liq tasavvur va sof islomiy munosabatni bilmasliklari asosiy omil sifatida ko`riladi. Shuning o`zi ham barchani o`ylab ish qilish va hushyor bo`lishga, atrofimizdagilarga nisbatan bee`tibor bo`lmaslikka undaydi. Bundan tashqari, ekstremistik oqim vakillari boshqa omillarni inobatga olgan holda ham “targ`ibot” ishlarini olib boradilar.

Ettita sabab

1.Har qanday diniy ekstremistik oqim vakillari ayollarning bo`ysunuvchanlik jihatidan foydalanib guruhga jalb etishni o`z atrofidagi insonlar – turmush o`rtoqlari, opa-singillaridan boshlaydilar, ularga oyat va hadislarni noto`g`ri talqin etgan holda, erning roziligi va “shahid” sifatida to`g`ridan-to`g`ri jannatga kirish uchun o`zini portlatish orqali qurbon qilib qo`poruvchilik harakatini amalga oshirishi lozim ekanini uqtiradilar. Terrorchilik harakatlarida ishtirok etayotganlarning ko`pchiligi 18 yoshdan 30 yoshgacha bo`lgan ayollar ekani ham shunday xulosa chiqarish imkonini beradi.

2., Turmush o`rtog`i yoki otasi, aka-ukalari, farzandlaridan ayrilgan alamzada ayollar ham oqim vakillari nazaridan chetda qolmaydi. Ularga faqatgina, “amaldagi hokimiyat vakillari biz uchun dushman, sen ular tomonidan o`ldirilgan yaqin insoning uchun qasos olishing lozim”, degan g`oya singdiriladi xolos.

3. Biror narsaga uquvi yo`q, o`qishda o`z iqtidor va bilimi bilan alohida ajralmagan, atrofidagilar tomonidan kamsitilgan, shu sababli o`zini doimo yolg`iz his etuvchi, irodasiz, yoshi o`tibroq qolgan, ota-ona bilan chiqisholmay qolgan qizlar ham shunday guruhlar domiga tushib qoladi. Ularga diniy ekstremistik va terroristik tashkilot a`zolari go`yoki yaxshi xayot taklif qilishib, chiroyli joylar va manzaralarda rasmlarga tushib jo`natishadi. Aksariyat hollarda giyohvand moddalar iste`mol qildirilgan va chuqur ruhiy ta`sir ko`rsatilgan, ongiga muqaddas manbalardagi g`oyalar noto`g`ri talqinda singdirilib, haqiqiy hayot o`limdan so`ng boshlanishi va jannatga tushishiga ishontirilgan, yashashdan ma`no qolmagan bunday ayollar o`z rahnamosi ko`rsatmalarini so`zsiz ado etadigan “shahidlar”ga aylanadilar.

4. Tuzalmaydigan dardga chalinib, hayotdan butunlay umidini uzganlar, kasal vaqtida oilasi tomonidan ma`nan qo`llab-quvvatlanmagan ayollar ularning safiga qo`shilib qoladi. Natijada, ayollar shu yo`l bilan og`riq va alamlardan qutulaman, degan o`y-xayolda o`zi va begunoh kishilarni o`ldirib, jinoyatga qo`l uradilar.

5Ekstremistik guruh a`zolari ba`zan ayollarni aldov yo`li bilan ham o`zini qurbon qilishga majbur qiladilar. Ya`ni, guruh a`zolaridan biri eri vafot etgan, ajrashgan yoki moddiy jihatdan qiynalgan ayolga uylanadi, risoladagi er-xotin kabi yashab yuradi. Bir oz vaqt o`tganidan so`ng guruhdagi a`zolaridan biri yoki bir nechtasi ishtirokida ayolini “zo`rlash” sahnasini uyushtiradi. Bundan “xabardor” bo`lib qolgan “er” ayolga shartlar qo`yishni boshlaydi, shartlariga ko`nmasa bu sharmandali holatini butun qarindosh-urug` va tanish-bilishlariga ko`rsatishi bilan qo`rqitadi. Majburan zo`rlangan va tahqirlangan ayol erining shartiga ko`nishdan boshqa chora topolmaydi.

6.Ayollarning ilmga, xususan, islom dinini o`rganish va uning muqaddas manbalarini asl holida o`qishga bo`lgan qiziqishlari ularning aldanib qolishlariga zamin yaratadi. Bundan ustamonlik bilan foydalangan guruh vakillari, go`yoki, sof islom dini aqidalaridan saboq beruvchi “ustoz” sifatida yashirin “hujralarda” arab tili va “Qur`on”, islom dini arkonlari va ibodatlarini o`rgatish bahonasida sekin astalik bilan “takfir”, “xalifalik”, “hijrat”, “jihod” va “shahidlik” g`oyalari singdirilgan ma`ruzalar bilan tanishtiradilar, diniy mazmundagi taqiqlangan adabiyotlar, video va audiomateriallar tarqatadilar. Natijada ayollar o`zlari bilmagan holda guruh “a`zo”si va “faol”iga aylanadilar.

7. Pul evaziga ayollarni go`yoki islom yo`lida o`z hayotidan voz kechishga, atrofidagi yaqinlari uchun yaxshi sharoit yaratib berishga, oilasi uchun katta foyda keltira olishiga ishontiradilar. O`limidan so`ng oilasining kelajagi uchun katta miqdordagi mablag` va`da qilinadi va tabiiyki, bu quruq va`daligicha qolib ketaveradi.

Aldangan ayollar fojiasi

Shu bilan bir qatorda, boy xonadonda tug`ilib o`sgan, savodli, oila va jamiyatda o`z o`rni va mavqeiga ega bo`lgan ayollar ham bu yo`lga kirib qoladilar. Masalan, terrorchilik harakatlarni tashkil etib, qator tashkilot va idoralarga hujum uyushtirgan birinchi jangari ayollar ham o`ziga to`q zodagonlar, ziyolilar oilasida tug`ilib o`sganini ta`kidlash mumkin. 2002 yilning 29 yanvarida Quddusda o`zini portlatish oqibatida bir kishining o`limi va 150 ga yaqin kishining og`ir tan jarohatini olishiga sababchi bo`lgan falastinlik talaba qiz Shinaz Amuri – Vafo Idris shular jumlasiga kiradi.

“AQShning “Soncordian” jurnalida chop etilgan ma`lumotga ko`ra, 2010 yil ushbu davlatda qo`lga olingan “al-Qoida” terrorchilik tashkiloti a`zosi Samira Jasmin surishtiruv ishlari davomida ayollarni o`z saflariga tortish va o`zini portlatish orqali qurbon bo`lishga targ`ib etishda yangi bir uslub, ya`ni, aldab yoki zo`rlab nomusga tegish orqali ayolni ma`naviy-ruhiy jihatdan boshi berk ko`chaga kiritish, so`ngra esa ularga bu gunohni yuvish yo`lida “shahidlik”ni taklif etish va o`zini portlatish orqali qurbon qilishga tayyorlashganini ma`lum kilgan. Samira Jasmin o`zining jinoiy faoliyati davomida 28 ta ayolni xuddi shu usul bilan o`z saflariga tortganini aytib o`tgan.

Ogohlik barchamizning burchimizdir

Mutaxassislarning fikricha, hozirgi kunda diniy ekstremistik oqim a`zolari internet tarmog`idan keng foydalanmoqda. Ular xotin-qizlar bilan turli maishiy mavzularda suhbat olib borib, ularning psixologik holatini o`rganadi. Diniy ekstremistik oqim a`zolari xotin-qizlar bilan yaxshi aloqa o`rnatganidan keyin o`zaro elektron yozishmalar davomida turli xadis va rivoyatlar xaqida gapiradi. Shu orqali ekstremistlar diniy bilimga ega ekanligini ko`rsatib, suhbatdoshini ishonchini qozonishga xarakat qiladi. Shundan so`ng, ular mukammal diniy bilimga ega bo`lmagan xotin-qizlarga ekstremistik oqim g`oyalarini targ`ib qiladi.

Bundan taxminan 5-10 yillar ilgari ekstremistik guruh va oqimlar ta`siriga tushish ko`proq erkaklarda kuzatilgan bo`lsa, hozirgi kunga kelib bu holat yurtimiz ayollari orasida ham tarqalayotgani, bunga turli sabab va omillarning asos bo`lishi achinarli holdir. Ayollarning pul topish maqsadida xorijga chiqib ishlashi radikal oqim vakillari uchun qo`l kelmoqda. Ayolning uyi va yaqinlaridan ancha yiroqda, o`zi uchun notanish bo`lgan insonlar bilan yashashi uning ular ta`siriga tushishga keng imkon yaratib bermoqda.

E`tiborlisi, yurtimiz va xorijdagi diniy ekstremistik oqim vakillari o`z Vatanidan qochib ketib undan voz kechgan xoinlardan tashkil topadi. Xususan, “Islom jihodi uyushmasi” terrorchi guruhi o`z saflarini 1990-yillarda ota-onalari bilan birga O`zbekistonni tark etgan jangarilarning o`smir farzandlaridan foydalanishlari hisobiga to`ldirayotganini keltirish o`rinli. Bundan tashqari, diniy ekstremistik oqimlar a`zolarini asosan turli janjalli mintaqalarda goh u tomon, goh bu tomonda kurashgan yollanma insonlar tashkil etadi. Ular uchun kim ko`proq pul to`lashi, gohida shunchaki, “o`ldirishga qiziqish”, “insonlar ustida hukmronlikni his etish”, “o`zining boshqalardan ko`ra ustun ekanini ko`rsatish” asosiy o`rin tutadi.

Xulosa o`rnida shuni ta`kidlash lozimki, ayollar diniy ekstremistik oqimlarning mavjudligi, ularning maqsadi razillik va parokandalikdan iborat ekanini juda yaxshi anglaydilar, lekin ming afsuski, aksariyat hollarda aynan mana shunday guruhlarning bir marotabalik quroliga, soxta “g`amxo`rlik” qurboniga aylanib qolganlarini sezmay qoladilar. Bu esa, din bilan bog`liq masalalarda ayollarga to`g`ri yo`l ko`rsatish, ularni ekstremistik va terrorchi oqimlar girdobidan asrash masalasi hali hamon g eng dolzarb vazifalardan biri ekanini unutmaslikka chorlaydi.

Dilafruz Turdieva

Toshkent islom universiteti o`qituvchisi
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: