Главная » Yangiliklar » Toshkent IIBB: Hozircha avtomobillar oynalarini qoraytirish noqonuniy hisoblanadi

Toshkent IIBB: Hozircha avtomobillar oynalarini qoraytirish noqonuniy hisoblanadi

Shu yilning 18 iyul kuni O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Tusi o`zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali engil avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori qabul qilindi. Darhaqiqat, ushbu qarorda O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Moliya vazirligining 2018 yil 1 avgustdan boshlab, jismoniy va yuridik shaxslarga tusi o`zgartirilgan oynali engil avtotransport vositalaridan pulli asosda foydalanishga ruxsat berish to`g`risidagi taklifi ma`qullangan. Lekin xulosa qilishga shoshmagan holda, qarorning keyingi bandlarida belgilangan vazifalarga ham e`tibor qaratamiz, deb yozmoqda poytaxt IIBB axborot xizmati.

Qayd etilishicha, qarorning 4-bandida engil avtotransport vositalari oynalarining qoraytirish bo`yicha davlat standartlari ishlab chiqilishi belgilangan bo`lib, buning uchun IIV va «O`zstandart» agentligiga bir oy muddat berilgan.

Shuningdek, engil avtotransport vositalari oynalarining tusini o`zgartirishga ruxsatnoma berish, uni ro`yxatga olish va ruxsatnomaning amal qilishini bekor qilish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda Vazirlar Mahkamasiga oynalarining tusi ruxsatnomasiz o`zgartirilgan engil avtotransport vositalaridan foydalanganlik uchun ma`muriy javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritish vazifasi ham belgilab qo`yilgan.

Bundan tashqari, bir oy muddatda xorijiy davlatlarning oynalari tusi o`zgartirilgan engil avtotransport vositalarining O`zbekiston Respublikasi hududiga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun majburiy yig`imlarni undirish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash talab etiladi.

Shu bosqichlar, ya`ni qoraytirilgan oynalardan foydalanishga oid mexanizm to`liq ishlab chiqilmagunga qadar engil avtotransport vositalarining oynalarini qoraytirish noqonuniy hisoblanadi. Engil avtotransport vositalari old oynasining tepa qismi tusini eni 14 sm.dan ko`p bo`lmagan va yorug`lik o`tkazuvchanligi 30 foizdan kam bo`lmagan polosa shaklida o`zgartirish (qoraytirish) bundan mustasno, zero buning uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.

Shunga ko`ra, davlat standarti normalariga muvofiq bo`lmagan ko`zgusimon yoki tusi o`zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali transport vositalaridan foydalangan haydovchilar O`zbekiston Respublikasi ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 126-moddasiga muvofiq, jarimaga tortilishini ma`lum qilamiz. Joriy yilning birinchi yarmida YPX inspektorlari tomonidan 1078ta ana shunday qoidabuzarlik holatlari aniqlangan va choralar ko`rilgan.
Manba: Darakchi.uz



Новости «Toshkent IIBB: Hozircha avtomobillar oynalarini qoraytirish noqonuniy hisoblanadi»


Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]