Главная » Yangiliklar » ​ZUHRA AShUROVA: "JAHLIM ChIQQANIDA HURMAT DARAJASINI YO`QOTIB QO`YaMAN"
​ZUHRA AShUROVA:

​ZUHRA AShUROVA: "JAHLIM ChIQQANIDA HURMAT DARAJASINI YO`QOTIB QO`YaMAN"

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: ​ZUHRA AShUROVA: "JAHLIM ChIQQANIDA HURMAT DARAJASINI YO`QOTIB QO`YaMAN"
  • Дата релиза: 29-07-17, 00:34
​ZUHRA AShUROVA: "JAHLIM ChIQQANIDA HURMAT DARAJASINI YO`QOTIB QO`YaMAN"
O`zbek milliy teatr san`ati ravnaqi yo`lida xizmat qilayotganlardan biri O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Zuhra Ashurovadir. U yaratgan obrazlar o`zining serjiloligi, mehribonligi, odamiyligiyu qat`iyatliligi va tomoshabinlarga yaqinligi bilan ajralib turadi. "So`g`diyona" gazetasida aktrisa bilan suhbat chop etildi.

— Zuhraxon, suhbatga kela yotib bir narsa haqida o`ylab qoldim, bugun negadir? ayrim oilalarda opa-ukalar, jigarlar o`rtasidagi mehr-oqibat yo`qolib borayotgandek…

— Jigarlarning bir-biriga mehr-oqibatli bo`lib voyaga etishishida ota-onaning mehnati katta. Bilasizmi, men 31 avgust kuni erta saharda dunyoga kelganman. E`tibor opam o`shanda 7 yosh bo`lib, 1-sinfga chiqishlari kerak ekan. Ular onamga chaqaloqni parvarishlashda yordam beraman deb, maktabga bir yil kechikib, 8 yoshda chiqqanlar. Shu sabab ham ularni onam deb chaqiraman. To`y-hashamda, g`amboda kunlarimda, quvonchli damlarimda doim ular bilan maslahatlashaman. Opam esa meni hanuzgacha yosh boladek erkalatadilar. Oilada uch o`g`il, uch qizmiz. Katta akam olamdan o`tgan. Jigarlarim bilan ko`z tegmasin, juda mehr-oqibatli, ahilmiz, uylarimiz ham bir-biriga yaqin.

Yana otam maktabga chiqayotgan yilim hovlimizga ekish uchun atirgullar olib kelganini entikib xotirlayman. Men yoshligimga borib, ariq ham olmasdan atirgullarni ekibman. Ishdan qaytganlarida men ekkan gullarga kulib qaradilar-da, «Mayli, ona qizim, zarari yo`q, keyinroq qayta ekarmiz», deganlar, shu bilan notekis bo`lib qolib ketgan. Turmushga chiqqanimdan so`ng akam atirgullarni bir tekis qilib qayta ekmoqchi bo`lsalar, «Tegma, bu gullarni singling ekkan», degan ekanlar. Bu ham bizning bir-birimizga bo`lgan mehrimizni shakllantirgan bir ibratli voqeadir.

— Gullarga mehringiz bo`lakcha-a?

— Ha. Xudi onam rahmatlidek. Onam nastarin gulini juda yaxshi ko`rardilar. Erta bahordan hovlimiz lolazorga aylanardi. 6 aprelda, qizimning tug`ilgan kunida onam nastarin va lolalardan iborat guldasta bilan uyimizga kirib kelishlari hamon ko`z o`ngimda.

— Sizni sahnani qadrlaydigan aktrisa, deya ta`riflashadi.

— Aktrisa bo`lish orzusiga erishishim oson kechmagan. Onam rahmatli «Artist bo`lsang, seni kim kelin qiladi?» deya xavotir aralash qarshilik ko`rsatganlar. Otam ko`nglimga qaraganlar, u kishi bizga doim «siz»lab murojaat qilardilar. To`g`ri, padarim ko`proq suxandon bo`lishimni orzulaganlar. Qo`ni-qo`shni o`rtasida har xil mish-mish gaplar ham tarqalgan. Sahnada kimlar bilandir er-xotin bo`lib chiqsam, «Voy, Jo`ra akaning qizi falonchining xotini bo`lib chiqibdi», deyishgan. Uyga yig`lab kelgan kezlarim ham bo`lgan. «Hali shunday aktrisa bo`layki, gap-so`z qilganlar uyalib qolsin. Onam esa quvonib yursinlar», derdim. Oradan yillar o`tgach, volidam mendan, kasbimdan rozi bo`ldi. «Men Zuhra Ashurovaning onasiman», deya faxr bilan so`zlaganlarida ko`zim yoshlanardi. Qismatni qarangki, avvallari artistning qizini hamma kelinlikka olmagan bo`lsa, bugungi kunda buning aksi bo`lib chiqyapti. San`atkorga qiz bersam, artistdan kuyovim bo`lsa, qaniydi, deguvchi insonlar oramizda anchagina topiladi. San`atkorga qiz bermayman, degan kishilarning nabiralari bugungi kunda san`atkor bo`lish uchun harakat qilishayapti. San`atkorlik ancha mashaqqat talab etilishini, afsuski, hamma ham his etavermaydi. San`atni egallash uchun Zuhra Ashurova tirnoqlari bilan tirmashganini bilishmaydi. Shunga qaramasdan tirishib, orzumga, oldimga qo`ygan maqsadimga erishganman. Mana shunaqa qiyinchiliklardan o`tganim uchun ham sahnaning qadriga etaman.

— Yosh ijodkor ayollar bilan suhbatlashsangiz, odatda, san`atda dugonam yo`q, deb qolishadi.

— Bizda esa aksincha. Aksariyat hamkasblarim bilan institutda birga tahsil olganmiz. Talabalik yillarimizdan bir-birimizni taniganmiz. Milliy teatrga oldinma-keyin ishga kelgan Shohida Ismoilova, Saida Rametova, Ra`no Yarasheva, Muqaddas Xoliqova, Mahfuza Bobotillaeva, Nodira Mahmudova va meni «Sanamlar» deb atashardi. O`sha kezlarda Yangi yil arafasida, bahor bayramlarida o`zimiz ssenariy yozib, televidenie orqali ko`rsatuv tayyorlardik. Teatrda «Onang o`rgilsin, bolam» nomli spektakl qo`yganmiz. «Antiqa qudalar» nomli spektaklimiz ancha shov-shuvlarga sabab bo`ldi. Ko`p yillar sahnadan tushmadi bu asar. Hammamizning g`oyamiz asosida Nodira Mahmudova ssenariy yozgan edi. Hamkasb dugonalarim kabi ahil jamoa boshqa bo`lmasa kerak. Ijodga bo`lgan, ishga bo`lgan mehr-muhabbatimiz beqiyos. Hozir yoshimiz ancha ulg`ayganiga qaramay, shijoatimiz, g`ayratimiz so`nmagan. Bir-birimizga hamdard va dardkashmiz. Mahfuza Bobotillaeva bilan institutda 4 yil bir guruhda o`qiganman, hanuzgacha yaqin dugonamiz. Bir-birimizning o`rtamizda hech qanday sir yo`q. Xonadonimizdagi, teatrdagi muammolarni o`rtaga tashlab, birgalikda hal qilamiz. 35 yildan buyon teatrda Muqaddas Xoliqova bilan xonadoshman. Uni ko`pchilik juda cho`rtkesar deb o`ylaydi. Aslida uning rollari shunaqa. Bu ayolning insoniy fazilatlariga havas qilsa arziydi. Judayam oqibatli inson. U hech birimizni bayramlarda tabriklashni unutmaydi. Hatto, nabiralarimni 1 iyun – Xalqaro bolalar kunida qutlashni ham yodidan chiqarmaydi. Ra`no Yarasheva ham atrofidagilarga e`tiborli. Bir-birimizning farzandlarimizga maslahat berishga, to`g`ri yo`lga solishga, kerak paytda, hatto, urishishga ham haddimiz sig`adi. Ra`noxon bizdan keyin ham farzandlarimiz bir-biri bilan bordi-keldi qilsin, deydi. Bolalarimiz ham bir-biri bilan ancha yaqin bo`lib ketishgan. Ilohim, mehr-oqibatimiz yo`qolmasin.

— Kino, seriallarda ham suratga tushasiz. San`atning bu yo`nalishidagi ijrongizdan qoniqasizmi?

— Rosti, o`zimni kinodan omadi kelgan aktrisa, deb sanamayman. To`g`ri, rollarim bor, biroq o`zim istagan va qoniqtiradigan to`laqonli obrazni yaratganim yo`q. Masalan, tomoshbainlar «Kelinlar qo`zg`oloni» desa Dilbar Ikromovani, «O`tkan kunlar» haqida so`z ketsa, Gulchehra Jamilovani, «Sevginator» deganda esa Muqaddas Holiqovani ko`z oldiga keltirishadi. Menda mana, shunday rollar yo`q. Viloyatlarga borganimda ko`proq telepostanovkalardagi Xonzodabegim, Layli obrazlarimni eslashadi. Yana «Otalar so`zi — aqlning ko`zi» ko`rsatuvi orqali eslab qolishgan. Buning uchun Mirabbos Mirzaahmedovga rahmat aytaman.

— Ruhiyatingizga qanday rollar ta`sir etadi?

— Ayni kunda mushtipar, haqiqat izlab har bir eshikka bosh urayotgan ayol obrazi. Hozir juda ta`sirchan bo`lib qolganman. Urdi-surdi filmlarni hech ko`rolmayman. Hayotiy voqealar tasvirlangan mazmunli filmlarni tomosha qilgim keladi. «Osmondagi bolalar», «Novda» kartinalari ana shunday filmlar sirasiga kiradi.

— Rejissyorlarimiz qiyofangizni qanday rollarga mos deyishadi?

— Rejissyor Maqsud Yunusovdan «Nima uchun Zuhra Ashurova ijobiy, lirik rollarni gavdalantiradi? Nega Xonzodabegim, Laylilarni bergansiz?» deb so`rashgan ekan. O`sha kezlarda rejissyorimiz «Bibixonim» filmi ustida ishlayotgandi. Men Bibixonim roliga tayyorgarlik ko`rayotgandim. «Zuhrada haqiqiy o`zbekona yuz, o`zbekona muomala bor», deya javob qaytargan. Yaqinda bir rejissyor yordamchisi bilan suhbatlashib qoldim. «Sizning ko`zlaringiz ma`yus, ularga qahr begona bo`lgani uchun mana bu filmga ololmadik», dedi. Buni o`zim ham tan olaman. Serqirra aktrisa bo`lishni orzu qilaman, lekin tashqi ko`rinishim faqat ijobiy rollarga mos tushadi. Salbiy rollar ijro etishni istayman-u, tomoshabinni aldab bo`lmaydi, ko`zingiz sotib qo`yadi.

— Yanglishmasam, qizingizni turmushga uzatgansiz. Quda-andachilikda nimalarga ko`proq rioya etgansiz?

— Ochig`i, avvalo qizimizning bu boradagi tanloviga qarshilik bildirgandik. Uzoq joyga uzatishni istamadik. Chunki kuyovimiz Namanganlik. Qizim bilan kuyovim Jahon tillari universitetining jurnalistika fakultetida birga o`qib, bir-birlariga ko`ngil qo`yishgan. Bilasiz, ko`ngilga buyruq berib bo`lmaydi. Mening ota-onam ham ko`nglimga qarab ish tutishgan. Shularni o`ylab, qizimning ko`ngliga qarshi bormaslikka qaror qildik. Kuyovim Bahodirjonni o`z farzandimdek ko`raman. Qizim ayni kunda Toshkent telekanalida «Kitobxon shou» ko`rsatuvi boshlovchisi va muharriri. Ular ikki farzandning ota-onasi.

— Danagidan mag`zi shirin, deyishadi. Yoningizga kelganida nabiralaringiz bilan nimalar to`g`risida suhbatlashasiz?

— Katta nabiram, mana, hozir ham yonimda. Nasib etsa, keyingi yili maktabga chiqadi. U xonadonimiz quvonchi. Ishdan charchab kelganimda avvallari qizlarim «Kim?» deyishsa, butun charchoqlarim chiqib ketardi. Hozir nabiram eshikni ochsa, dilim yorishib ketadi. Yosh bolalar kattalarga ijobiy ta`sir ko`rsatadi. Quvonib bag`rimga bosaman. Qaynegachim «Nabiralar – validol», deydi. Men ham shu fikrga qo`shilaman. Nevaram ota-onasining yoniga ketsa, uyimiz huvillab qoladi. Uch-to`rt kun o`tmasdan qaytarib olib kelamiz. Ertak kitoblar o`qib beramiz, bilganlarimizni qayta-qayta aytaverganimizdan ular, hatto, yodlab olishgan. Albatta, odobga, ko`cha-ko`yda, dasturxon atrofida o`zini qanday tutish kerakligini o`rgatishga harakat qilayapmiz. Bola — yosh nihol, unga mehr-muhabbat bilan munosabatda bo`lsangiz, barcha aytganlaringizni bajaradi.

— Nimalar sizni ranjitadi, nimalardan afsuslanasiz?

— G`irromlik, yolg`on aralashgan, samimiyatdan uzoq muomaladan, nohaqlikdan ranjiyman. Kasbimizga engil-elpi qarayotgan yoshlarni ko`rsam, xafa bo`laman. Nahotki, ular kasbimizga xiyonat qilishgacha borishayapti, deb yuragim o`rtanadi. Vaqt o`gach, o`zlari ham buni anglaydi. Yolg`onning misi, baribir, chiqadi-ku. Teatrda ham, kinoda ham yangi rollar yaratolmagan kezlarim bo`ldi. Buning o`ziga xos sabablari bor va unga ba`zi kishilar sababchi bo`lishgan. Kimlar uchundir boy berilgan yillarimga achinaman. O`z vaqtida rejissyorlardan rol so`ramaganim uchun ham afsuslanaman.

— Muxlislar...

— Shukr, muxlislarim ko`p. Bozorlarda yurishni yaxshi ko`raman. Doim hurmat ko`rsatishadi. Lekin ba`zi joylarda sizni erga uradiganlar uchrab turadi. Yaxshi gapirganimni suiiste`mol qiladiganlar ham afsuski topiladi. Muxlislar ham har xil, ammo meni e`zozlaydiganlar ular orasida ko`pchilikni tashkil etishi meni quvontiradi.

— Chetdan qaraganda yumshoq tabiatli ayolga, suhbatlashganda esa shaddodga o`xshaysiz. Aslida, tabiatan qandaysiz?

— Sahna boshqa, hayot boshqa. Samimiylikka intilaman. Biroq men ham ko`plar qatori bandaman. Ko`ngilni ranjitadigan gaplar eshitsam, farzandlarimni, o`zimni izzat-nafsimni toptaydigan so`zlar bo`lsa, to`nimni teskari kiyib olaman. Ideal inson bo`lmaydi, o`ta madaniyatli odamda ham, sabr-toqat chegarasi bo`ladi.

— Qiyinchiliklarni qanday enggansiz?

— O`z shiorim bor. «Bundan ham yomon bo`lishi mumkin edi-ku!» deya o`zimni tinchlantirganman.

— Tuzatib bo`lmas kamchiligingiz?

— «Zuhraning jahli chiqmasin. Jahli chiqsa hech kimni tanimaydi», deyishadi dugonalarim. Jahlim chiqqanda hurmat darajasini yo`qotib qo`yaman. Katta-kichikning farqiga bormay qolaman.

Ma`pura NABIEVA suhbatlashdi.
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: